Foydalanish shartlari

Oxirgi o'zgarish

Bu sahifa Flex raqami va profilidan foydalanish qoidalarini belgilaydi. Oldi-sotdi shartlari — narx, to'lov, yetkazib berish va qaytarish — alohida hujjatda, ommaviy ofertada. Qisqasi: raqam sizniki bo'lib qoladi, obunasiz ham profil ochilaveradi, profilda nima turishini esa o'zingiz belgilaysiz va uning uchun o'zingiz javob berasiz.

Ushbu hujjatning asl matni o'zbek tilida tuzilgan. Rus va ingliz tilidagi versiyalar qulaylik uchun berilgan; nizo yuzaga kelganda o'zbek tilidagi matn asosiy hisoblanadi.

01Bu shartlar nimani qamraydi

Bu shartlar "MC LEGAL" AB taqdim etadigan xizmatdan — raqam, profil va ular bilan bog'liq qurilmalardan — foydalanishga taalluqli. Saytdan va profildan foydalanish shu shartlarga rozilik bildirish hisoblanadi.

Sotib olish shartlari bu yerda emas: narx, to'lov, yetkazib berish va qaytarish ommaviy ofertada yozilgan.

Ommaviy oferta

02Raqam va profil

Raqam 3 ta harf va 3 ta raqamdan iborat, masalan FLX007. U flex-nfc.uz/FLX007 manzilida sizning profilingizni ochadi.

Raqam to'lov tasdiqlangan zahoti sizga biriktiriladi va sizniki bo'lib qoladi — u hech qachon o'chirilmaydi. Qurilma yo'qolsa ham raqam sizda qoladi: yangi qurilmaga o'sha raqam yoziladi.

03Obuna va tariflar

Raqam va qurilma bir marta to'lanadi. Profilning ishlab turishi uchun obuna alohida to'lanadi: oyiga 49 000 so'm yoki yiliga 490 000 so'm.

Obunasiz ham profil ishlaydi. Qaysi tarifda nima borligi narxlar sahifasida to'liq keltirilgan.

Obuna to'xtatilsa, profil oddiy tarifga qaytadi. Ma'lumotlar o'chirilmaydi.

Narxlar sahifasi

04Raqamni boshqa odamga o'tkazish

Raqam egasi uni istalgan vaqtda boshqa odamga o'tkazishi mumkin — kabinetdan, qabul qiluvchining elektron pochtasi orqali. O'tkazishda profil ma'lumotlari (ism, bio, havolalar, postlar, obunachilar) o'chiriladi va yangi egaga o'tmaydi.

05Sotuvda bo'lmagan kombinatsiyalar

Ayrim harf kombinatsiyalari sotilmaydi. Ular sotuvda bo'lgan, lekin band raqamlardan farqli javob olmaydi: bunday raqam mavjud emas deb ko'rsatiladi.

Ro'yxatning o'zi e'lon qilinmaydi. Uni chop etish — aynan shu so'zlarni qidirayotgan odamga tayyor ro'yxat berish bo'lardi.

06Profilda nima turadi

Profilda nima turishini uning egasi belgilaydi: ism, tavsif, havolalar, xizmatlar va narxlar. Bularning to'g'riligi uchun profil egasi javob beradi.

O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid yoki boshqa odamning huquqini buzadigan material profildan olib tashlanishi mumkin.

07Shartlarning o'zgarishi

Bu sahifadagi shartlar o'zgarsa, sahifa boshidagi sana yangilanadi. Amalda bo'lgan matn — shu sahifada turgan matn.